Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 16-декабрь 2024, 14:43
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalari gʻoliblarini taqdirlash marosimi


Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda 2023-2024-oʻquv yili davomida xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar va ularning ustozlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o’rinbosari Shohrux Daliyev, Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o’rinbosari Dilnoza Kattaxanova, akademik Shavkat Ayyubov, Kimyosanoat Boshqaruv raisi maslahatchisi Sanobar Abdurahmonova, olimpiada gʻoliblari, ularning ota-onalari va oʻqituvchilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, 2023-2024-oʻquv yilida maktab oʻquvchilari tomonidan xalqaro fan olimpiadalarida jami 122 medal qoʻlga kiritilgan boʻlib, ushbu natija hozirga qadar eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
Bular orasida nufuzga ega, koʻpgina dunyo mamlakatlari va xalqaro darajadagi oliy taʼlim muassasalari tan oladigan xalqaro olimpiadalar mavjud.
Joriy yilda yurtimiz oʻquvchilari eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda 11 ta medal (1 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza), xususan:
— Saudiya Arabistonining Ar Riyod shahrida 87 ta davlat (340 nafar oʻquvchi) ishtirokida oʻtkazilgan 56-Xalqaro kimyo olimpiadasida — 1 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza;
— Buyuk Britaniyaning Bat shahrida 110 ta davlat (600 nafar oʻquvchi) ishtirokida oʻtkazilgan 65-Xalqaro matematika olimpiadasida — 2 ta kumush, 3 ta bronza;
— Eronning Isfaxon shahrida 46 ta davlat (230 nafar oʻquvchi) ishtirokida oʻtkazilgan 54-Xalqaro fizika olimpiadasida — 1 ta bronza;
— Misrning Aleksandriya shahrida 91 ta davlat (362 nafar oʻquvchi) ishtirokida oʻtkazilgan 36-Xalqaro informatika olimpiadasida —
1 ta bronza, shuningdek, mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda 61 ta (10 ta oltin, 15 ta kumush va 36 ta bronza) medalni qoʻlga kiritdi. Shuningdek:
— Tailandning Bangkok shahrida oʻtkazilgan 20-Xalqaro yoshlar tabiiy fanlar olimpiadasida 5 ta (3 ta kumush va 2 ta bronza);
— Qozogʻistonning Olmaota shahrida oʻtkazilgan 20-Xalqaro Jautikov olimpiadasida 14 ta (2 ta oltin, 3 ta kumush va 9 ta bronza);
— Rossiyaning Adigeya shahrida oʻtkazilgan 9-Kavkaz xalqaro matematika olimpiadasida 4 ta (1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza);
— Xitoyning Shenjen shahrida oʻtkazilgan 58-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida 5 ta (1 ta kumush va 4 ta bronza);
— Bolgariyaning Varna shahrida oʻtkazilgan 41-Bolqon Matematika olimpiadasida 5 ta (2 ta kumush va 3 ta bronza);
— Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtkazilgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi informatika olimpiadasi (APIO)da 1 ta bronza;
— Braziliyada oʻtkazilgan (onlayn) Osiyo-Tinch okeani mintaqasi matematika olimpiadasi (APMO)da 7 ta bronza;
— Buxoro shahrida oʻtkazilgan Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida 12 ta (3 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza);
— Turkiyaning Antaliya shahrida oʻtkazilgan 28-Oʻsmirlar oʻrtasidagi Bolqon matematika olimpiadasi (JBMO)da 6 ta (3 ta kumush va 3 ta bronza);
— Hindistonda oʻtkazilgan Xalqaro matematika musobaqasi (IMC)da 18 ta (3 ta oltin, 4 ta kumush va 11 ta bronza);
— Germaniyada oʻtkazilgan Xalqaro nemis tili olimpiadasida 1 ta oltin;
— Xitoyda oʻtkazilgan Xalqaro iqtisod olimpiadasida 1 ta bronza;
— Eronda oʻtkazilgan Yevropa qizlar xalqaro IT olimpiadasi (EGOI)da 1 ta bronza medallari qoʻlga kiritildi.
Qayd etilganidek, Davlatimiz rahbarining 2024-yil 30 senyabrdagi 346-son qaroriga koʻra, joriy yilgi xalqaro olimpiadalarda 91 ta (11 ta oltin, 24 ta kumush va 56 ta bronza) medalni qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik yoshlar turli darajadagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Xususan, eng nufuzli xalqaro olimpiadalardagi medallar uchun:
  • oltin medal sohibiga — 187,5 mln. soʻm, oʻqituvchisiga — 168,75 mln. soʻm;
  • kumush medal sohibiga — 112,5 mln. soʻm, oʻqituvchisiga — 93,75 mln. soʻm;
  • bronza medal sohibiga — 75 mln. soʻm, oʻqituvchisiga — 56,25 mln. soʻm berildi.
Maʼlumot uchun: ushbu medal egalari davlat granti asosida oliy taʼlim muassasalariga qabul qilinadi, ustozlariga esa kelgusi oʻquv yili uchun 200 foizgacha ustama belgilanadi va toʻgʻridan toʻgʻri oliy malaka toifasi taqdim qilinadi.
Bundan tashqari, nufuzli xalqaro olimpiada gʻoliblari keyinchalik taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib gʻolib boʻlgan fanidan dars bergan taqdirda, lavozim maoshiga 150 foiz har oylik ustama oladi.
Taqdirlash marosimida, xalqaro (astronomiya, geografiya, iqtisod va xorijiy tillar) va mintaqaviy xalqaro olimpiadalar sovrindorlari va ularning ustozlari ham mukofotlandi. Xususan:
xalqaro olimpiadalarning:
  • oltin medal sohibiga — 56,25 mln. soʻm, oʻqituvchisiga — 18,75 mln. soʻm;
  • kumush medal sohibiga — 37,5 mln. soʻm, oʻqituvchisiga — 13,125 mln. soʻm;
  • bronza medal sohibiga — 18,75 mln. soʻm, oʻqituvchisiga — 11,25 mln. soʻm.
mintaqaviy xalqaro olimpiadalarning:
  • oltin medal sohibiga — 4,5 mln. soʻm, oʻqituvchisiga — 18,75 mln. soʻm;
  • kumush medal sohibiga — 3,0 mln. soʻm, oʻqituvchisiga — 13,125 mln. soʻm;
  • bronza medal sohibiga — 2,25 mln. soʻm, oʻqituvchisiga — 11,25 mln. soʻm berildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy xalqaro olimpiada sovrindorlari oliy taʼlim muassasalariga kirishda oʻz fanidan maksimal ballga ega boʻladi.
Bundan tashqari, oʻquvchini olimpiadalarga tayyorlagan oʻqituvchining malaka toifasi bir pogʻona koʻtariladi, shuningdek, mintaqaviy xalqaro olimpiada gʻoliblari hamda asosiy olimpiadaning respublika bosqichi gʻoliblari keyinchalik taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib gʻolib boʻlgan fanidan dars bergan taqdirda, lavozim maoshiga 100 foiz har oylik ustama oladi.
Maʼlumot uchun: joriy yilda asosiy olimpiadalarning viloyat va respublika bosqichlari hamda xalqaro olimpidalar gʻoliblarini taqdirlash uchun davlat byudjetidan jami 9 mlrd. soʻm yoʻnaltirildi (2019-yilgi 780 mln soʻmdan qariyb 11,5 barobarga koʻp).