Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 16-декабрь 2024, 14:43
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Vazirlik tizimdagi taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlari malaka sinovidan oʻtkazilmoqda


Xabar qilinganidek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qaroriga muvofiq, joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlari malaka test sinovlaridan oʻtkaziladi.
Sinov jarayonlari bugun — 29-oktabr kuni Respublika miqyosida boshlandi hamda 16-noyabrga qadar davom etadi.
(Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Madaniyat vazirligining tegishli qoʻshma qaroriga muvofiq, bolalar musiqa va sanʼat maktablari, ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarining mutaxassislik va jismoniy tarbiya fanlari pedagog kadrlari 16-noyabr kuni ushbu sinovlarda ishtirok etadi)
Toshkent shahar va Toshkent viloyati taʼlim muassasalari pedagoglari ishtirokidagi attestatsiya sinovlari poytaxtimizda joylashgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazida tashkil etilmoqda.
2024-yil 19-25-oktabr kunlari attestatsiyadan oʻtuvchi pedagoglarni ushbu malaka sinovlariga tayyorlash maqsadida onlayn repetitsiya oʻtkazildi. Bunda pedagoglar test sinovlari topshiriladigan maxsus platformadan foydalanish tartibi hamda namunaviy test savollari bilan atroflicha tanishishdi.
Yangi tartibga koʻra sinovlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda mutaxassislik fanidan pedagoglarning bilimi (bilish, qoʻllash, mulohaza qilish koʻnikmalari), ikkinchi bosqichda ularning pedagogik mahoratlari baholanadi:
Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasi baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani boʻyicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savollari beriladi.
Ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi.
Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) oʻtkaziladi. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili aralashuviga barham beriladi.
Sinov materiallari soha mutaxassislari, olimlar va amaliyotchi pedagoglarni jalb qilgan holda testologi meʼyorlari asosida ishlab chiqildi.
Belgilangan mezonlar asosida 56 ta mutaxassislik fani boʻyicha 3 ta (oʻzbek, rus, qoraqalpoq) tilda, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun 7 ta (oʻzbek, rus, qoraqalpoq, tojik, turkman, qozoq, qirgʻiz) tilda, Madaniyat vazirligi tizimidagi sinovlarda qatnashayotgan taʼlim muassasalari pedagoglari uchun koʻp variantlilik asosida nazorat savollari banki shakllantirildi.
Joriy sinovlarda ishtirok etish uchun 190 mingdan ortiq talabgor pedagoglardan ariza kelib tushgan. Ulardan 153 ming nafardan ortigʻi test sinovlarida qatnashishi kutilmoqda.
Attestatsiya natijalari QR-kod qoʻyilgan elektron shakldagi pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.
Attestatsiya natijasiga koʻra, pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan oʻzgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga yuboriladi.
Maʼlumot uchun: joriy yilning birinchi yarim yilligida oʻtkazilgan attestatsiya natijalariga koʻra, sinovda ishtirok etgan pedagoglarning 9 104 nafariga (4,7 foiz) oliy toifa, 25 725 nafariga (13,2 foiz) birinchi malaka toifa hamda 47 665 nafariga (24,5 foiz) ikkinchi malaka toifalari berildi.
Xulosa oʻrnida aytish lozimki, taʼlim sifatini oshirishda oʻz ustida tinimsiz ishlaydigan, bilimi va tajribasi yuqori boʻlgan oʻqituvchilarning oʻrni beqiyos. Ushbu attestatsiya sinovlari aynan ana shunday malakali oʻqituvchilar sonining ortishi va buning natijasi oʻlaroq, mamlakatimizda taʼlim sifatining yanada oshishiga xizmat qiladi.


Manba: Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi