Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 16-декабрь 2024, 14:43
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining navbatdagi Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida joriy yilning birinchi yarim yilligida sohada amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va kelgusi vazifalar ijrosiga bagʻishlangan Hayʼat yigʻilishi oʻtkazildi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik va tizim tashkilotlari masʼullari hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari ishtirok etdi.
Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, joriy yilning birinchi yarim yilligida maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 37 548 taga, qamrov koʻrsatkichi 74,6 foizga, 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlov tizimi qamrovi 93 foizga yetganligini taʼkidlab oʻtdi.
Joriy oʻquv yilida 500 ta maktabda joriy etilgan yangi baholash tizimi natijasida mazkur maktablardagi oʻquvchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichi 6 foizga oshdi.
Tizimdagi 210 444 nafar rahbar va pedagog kadrlar malakasi oshirildi. 5. 7 949 nafar stajyor-oʻqituvchi kasbiy sertifikatlash, 190 ming nafar oʻqituvchi yangi tartib asosida malaka toifalarini berish sinovlariga jalb etildi. “Menejerlik oʻquv kursi”da 1319 nafar direktorlikka nomzodlar oʻqitilib, ularning 834 nafariga sertifikat berildi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtkazilgan yigʻilishda tizimdagi mavjud kamchiliklar va amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar ham atroflicha tilga olib oʻtildi. Xususan, respublikadagi ayrim hududlarda, jumladan, Andijon, Jizzax, Samarqand viloyatlarida bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrov koʻrsatkichlari yil boshiga nisbatan sezilarli darjada tushganligi tanqid qilindi.
Shu sababli yil yakuniga qadar maktabgacha taʼlimga qamrov darajasini 76 foizga yetkazish, yangi oʻquv yilidan boshlab 1 300 ta tayanch maktablar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, shu bilan birga “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlari hamda mentor-oʻqituvchilarini oʻqitish ishlarini toʻgʻri tashkil qilish boʻyicha masʼullar oldiga aniq vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilish davomida har bir rahbar oldiga tegishli yoʻnalishlarda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish boʻyicha zarur topshiriqlar berildi.
Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.