Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 16-декабрь 2024, 14:43
 Bosh sahifa  Mobile versiya

O‘quvchilar va bog‘cha tarbiyalanuvchilari ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarini oldini olish borasidagi ishlar muhokama qilindi

Bugun Oliy Majlis Senatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov o‘tgan vaqt davomida vazirlik tizimidagi ta’lim muassasalarida bu borada olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, ayni vaqtda yo‘l harakati xavfsizligi ko‘nikmalarini doimiy shakllantirib borish maqsadida “Tarbiya”, “Matematika”, “Tabiiy fanlar”, “Ona tili”, “Texnologiya”, “Tasviriy san’at”, “Musiqa madaniyati”, “Davlat va huquq asoslari” fanlari orqali o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalari to‘g‘risida ma’lumotlar berib borilmoqda.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida "Transport bilan tanishuv", "Svetofor", "Yer usti transporti", "Havo, suv va yer usti transporti", "Ehtiyotkor piyoda haftasi", "Favqulodda yordam xizmatlari" mavzulari doirasida tarbiyalanuvchilarga ilk bilim  va ko‘nikmalar o‘rgatib kelinmoqda.
Yig‘ilishda o‘quvchilar bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalarini oldini olish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha kelgusida rejalashtirilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.