Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 17-декабрь 2024, 13:12
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Maktab ta’limiga oid muhim choralar amalga oshirilishi belgilanmoqda - davlat dasturi farmoni loyihasi e’lon qilindi


O‘zbekiston Respbulikasi Prezidentining 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Unda ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida joriy yilda qator muhim choralar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
 
Tanlab olingan maktablarda ikkinchi xorijiy til o‘qitiladi

1-sentabrdan boshlab har bir tuman (shahar)da tanlab olingan bittadan maktabda o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Buning natijasida 76 ta maktabda fransuz, 76 tasida nemis, 37 tasida ingliz, 10 tasida koreys, 6 tasida xitoy va 3 tasida yapon tillari ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitiladi.
Maktab o‘quvchilari 10-sinfdan boshlab 64 ta ishchi kasblar, 21 ta sohada tadbirkorlikka, 10 ta IT va “kreativ industriya” yo‘nalishidagi kasblarga o‘rgatiladi.

10–11-sinflarda takomillashtirilgan o‘quv reja asosida 2 ta tanlov fanni tanlash imkoniyati yaratiladi
 
Yangi o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, hamkorlikda ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan yangi o‘quv dasturlari amaliyotga kiritiladi.
Bunda 10–11-sinflarda 14 ta majburiy fanlardan haftalik yuklamasi 31 soatni tashkil etadi. Takomillashtirilgan o‘quv reja asosida 8 ta majburiy fan va 2 ta tanlov fan (kimyo-biologiya, matematika-fizika, tarix-huquq, ona tili va adabiyot-chet tili) tanlash imkoniyati yaratiladi.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi

Yangi o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha maktablar boshlang‘ich sinf (jami 2,5 mln nafar) o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi va buning uchun 2,7 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratiladi.

Ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil etishga ruxsat etiladi

1-apreldan boshlab yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etiladi.
Buning natijasida maktabgacha ta’lim bilan qamrovni oshirishda xizmat qilayotgan va zarur moliyaviy resurslarga muhtoj bo‘lgan 594 ta tadbirkorga qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi.
 
Aziz yurtdoshlar va ta’lim sohasi fidoyilari!
Siz ham ushbu Farmon loyihasi muhokamasida faol ishtirok eting hamda sohaga doir muhim takliflaringizni qoldiring.