Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 16-декабрь 2024, 14:43
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Turkiyaning Marmara universiteti bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov II Istanbul ta’lim sammitida ishtiroki doirasida Turkiyada pedagoglarni tayyorlash va ular uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish sohasidagi samarali tajribalarni o‘rganish maqsadida Istanbul shahrida joylashgan Marmara universitetida bo‘ldi.
Universitet rektori professor Mustafa Kurt bilan uchrashuv O‘zbekistonda ta’lim masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligidan xabardor ekanligini va uning xalq kelajagiga bevosita samarali ta’siridan kelib chiqib, ta’limga ko‘rsatilayotgan e’tibor mamlakat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan munosib inson kapitali va resurslarini shakllantirish uchun ulkan imkoniyat yaratishi yuzasidan munosabat bildirdi.
Tomonlar Marmara universitetining Otaturk nomidagi pedagogika fakulteti faoliyati bilan yaqindan tanishib, mazkur fakultetning pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish dasturlarini tayyorlash sohasidagi ilg‘or tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish va o‘zaro tajriba almashish maqsadida A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzolash, Marmara universiteti mutaxassislari tomonidan o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar uchun trening kurslarini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Hamkorlikni amaliy jihatdan boshlash maqsadida universitet rektori professor Mustafa Kurt boshchiligidagi Marmara universiteti jamoasi 2022 yilning noyabr-dekabr oylarida O‘zbekistonga tashrif buyurishi kelishildi.
Ma’lumot uchun: Marmara universiteti 1883 yil tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 21 ta yo‘nalishda mutaxassislarni tayyorlaydi. Universitetda 3 216 nafar ilmiy xodim faoliyat yuritadi va 82 000 nafar talaba tahsil oladi.