Prezidentimiz raisligida aholini kasb-hunarga o‘qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishdan bir necha kun avval biz, ya’ni Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Buxoro viloyati vakilligi sifatida professional ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilarning xorijiy tilni bilish darajasini baholovchi xalqaro sertifikati statistikasini tahlil qildik.
43 ta ta’lim muassasalarida 50 nafar xorijiy til fani o‘qituvchilari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shundan 3 nafari chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va sertifikatga ega. Albatta, bu ko‘rsatkich qoniqarsiz hisoblansada, o‘qituvchilar bilan bo‘lgan muloqotimizda, bunga sabab oylik maosh pastligi ekani ma’lum bo‘ldi. Shuni ham ta’kidlash joizki, xalqaro sertifikatga ega, malakali muataxassis o‘z navbatida yuqori daromad keltiradigan yoki oylik maoshi baland bo‘lgan joyda ishlashni xohlashi bu tabiiy hol. Biz esa vakillik sifatida ulardan hech qanday xalqaro sertifikat talab qilishga haqqimiz yo‘q deb hisobladik. Axir hozirgi kunda davlatimiz rahbari adolat, odillik tamoyilini biz yosh rahbarlarga har yig‘ilishlarda, uchrashuvlarda uqtirar ekanlar, kam maoshli pedagoglardan, yuqori sifat talab qilishni adolatsizlik deb baholadim.
Mazkur selektor yig‘ilishida esa Prezident professional ta’lim o‘qituvchilarining oyligini oshirish haqida topshiriq berar ekan, bundan juda faxrlanib ketdim. Prezident “2 million so‘m oylik olayotgan texnikum yoki kasb-hunar maktabi muallimlaridan kamida 5 million so‘m ish haqi oladigan mutaxassislar tayyorlab berishni talab qilayapmiz” deganlarida esa, ayni biz o‘ylagan fikr bilan naqadar hamohangligini his qildik. Davlat rahbari kelgusi yil 1 yanvardan professional ta’limdagi pedagog va ustalar oyligi o‘rta maktab o‘qituvchilariga tenglashtirilishi, o‘qituvchilar malaka toifasi uchun to‘lanadigan ustama o‘rtasidagi farq 2 barobarga oshirilishi, erishgan natijasiga qarab, fidoyi va tashabbuskor pedagog kadrlarning oyligiga 50 foizgacha ustama to‘lash joriy etilishi, hamda xalqaro malaka sertifikatini olgan har bir bitiruvchi uchun 1 million so‘mdan to‘lab berilishini ta’kidladilar. Shuningdek, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning oylik maoshiga 1 million so‘m miqdorda ustama to‘lanishi kabi imtiyozlarni berganlari esa, soha vakillarini yanada ruhlantirdi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari aholini kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor ulushini ko‘paytirish lozimligini ta’kidladi. Hozirda yurtimizda bironta xususiy kollej yoki texnikum mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Xorijiy kompaniyalar ham yoshlarimizni kasbga o‘qitib, bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab tashabbuslarni bildirayotganini aytib o‘tdi. Albatta xususiy sektorlar qancha ko‘p bo‘lsa, davlat ham nafaqat boy bo‘ladi, balki shuncha rivojlanadi ham. Buni biz rivojlangan davlatlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Xususiy kollej va litseylarni tashkil etish uchun esa xalqaro tajriba, bilim va albatta xalqaro tilni bilish eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham Prezident monomarkazlar va texnikumlarda 5 ta chet tili ingliz, nemis, turk, koreys va yapon tillari o‘qitilishi kerakligini ta’kidladi. Bu boradagi ishlarni faollashtirish maqsadida xususiy kollej va texnikumlar tashkil etish uchun qator imtiyozlar ham berildi. Jumladan, litsenziya olish uchun talablar qayta ko‘rib chiqilib, zarur mablag‘ning minimal miqdori 2 baravarga kamaytirilishi, bo‘sh binolar uzoq muddatga ijaraga berilishi, xorijdan keltiriladigan adabiyot va uskunalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishi va hokazo.
Endilikda Professional ta’lim tizimidagi kollej va texnikumlar ham oliy ta’lim muassasasi singari rivojlanishi uchun Xorijiy tillarni o‘rganishni ommlashtirish agentligi ham yangi g‘oyalarni qo‘llab, jahon tajribalari, standartlarini mazkur tizimga tatbiq etishda hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.
Nozima Xoliqova,Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligiBuxoro viloyati vakilligi rahbariPhD dotsent, O‘zA