Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-iyundagi tegishli qarori bilan “Davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida ayrim toifadagi oʻquvchilarni maktabdan tashqari taʼlimga jalb qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi (https://t.me/huquqiyaxborot/18143). Unga koʻra:
➖ ayrim toifadagi oʻquvchilar (Kambagʻal oilalar reestridagi oilalarning umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida taʼlim olayotgan farzandlari) davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida qoʻshimcha taʼlimga jalb qilinadi hamda oʻqitish xarajatlarining 80 foizi Davlat budjetidan qoplab beriladi;
➖ oʻquvchilar toʻgaraklarga ixtiyoriylik asosida jalb etiladi;
➖ oʻquvchilarning ota-onalari hamda taʼlim tashkilotlari oʻrtasida shartnomalar tuzish YAIDXP (my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi;
➖ Taʼlim tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha 1 nafar oʻquvchiga har bir toʻgarak uchun 1 oylik toʻlov quyidagi miqdorlardan oshmaydi:
✅ 7-11 yoshdagi oʻquvchilar uchun darsdan keyingi qoʻshimcha taʼlim (uzaytirilgan kun guruhlari) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan;
✅ 12-18 yoshdagi oʻquvchilar uchun umumtaʼlim fanlari, 15-18 yoshdagi oʻquvchilar uchun xorijiy til yoʻnalishlaridagi toʻgaraklar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan;
✅ 15-18 yoshdagi oʻquvchilar uchun axborot texnologiyalari, kasb-hunar yoʻnalishlaridagi toʻgaraklar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan.
👉 Toʻgarak toʻlovining 80 foizi Davlat budjetidan, 20 foizi oʻquvchining ota-onasi tomonidan toʻlanadi.